Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir korxona va tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi, avvalo, uning moliyaviy axborot tizimi to‘g‘ri tashkil etilishiga bevosita bog‘liqdir. Mazkur tizimning markaziy qismi buxgalteriya hisobi hisoblanib, u nafaqat xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati, balki uning ishlab chiqarish samaradorligini baholash, xarajat va daromadlarni nazorat qilish, kelgusidagi rivojlanish strategiyasini belgilash imkonini ham beradi. Shu bois, “Biznesda buxgalteriya hisobi” fani zamonaviy iqtisodiy bilimlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘qitilmoqda.