Mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning taqsimlanish tamoyillari, shakllari, usullari muhim ahamiyat kasb etib, ulardan amalda foydalanish masalalari iqtisodchi-mutaxassislar o‘rtasida turli tortishuv, bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Bunda yaratilgan maxsulot qanday taqsimlanadi, degan savolga javob berish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, kishilarning hayot kechirishi va turmush darajasini aniqlab beruvchi daromadlarning asosiy turi bo‘lgan ish haqini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu bobda ish haqining iqtisodiy tabiati bilan bog‘liq muammolar, yaratilgan maxsulot va daromadlarning taqsimlanish tamoyillari, ish haqi shakllari va bozor munosabatlari sharoitida uning darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, ish haqi stavkasini tabaqalashtirish masalalari, shuningdek, mehnat munosabatlarining iqtisodiy mazmuni va ularni shakllantirishda turli shartnomalarning va kasaba uyushmalarining roliga alohida o‘rin beriladi.