Korxonalarning bozorga mahsulot yetkazib berib, foyda olishga bo‘lgan layoqatini aniqlab beruvchi muhim omil sarf-xarajatlar darajasi hisoblanadi. Har qanday tovarni ishlab chiqarish iqtisodiy resurs sarflarini taqozo qilib, ular ham ma’lum narxga ega bo‘ladi. Korxona oladigan foydaning miqdori bir tomondan bozorga taklif qiladigan tovar miqdoriga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan unga qilinadigan iqtisodiy xarajatlar darajasiga, resurslardan foydalanish samaradorligi va tovarlar bozorida sotiladigan narxlarga bog‘liq. Shuning uchun ham ishlab chiqarish xarajatlari “Iqtisodiyot nazariyasi” fanining muhim kategoriyalaridan biri bo‘lib, uni o‘rganish muhim ahamiyatga egadir. Bu bobda sarf-xarajatlarning umumiy tabiati, mazmuni va tarkibiga to‘xtalib, foydaning tashkil topishi jarayoni tahlil qilinadi. Shu bilan bir qatorda, foydaning manbai, uning miqdoriga, darajasiga ta’sir etuvchi omillar, foyda normasi va massasi kabi masalalarga alohida e’tibor beriladi.