Inson faoliyati turlicha bo‘lib, turli xil yo‘nalishga qaratilgan bo‘ladi. Ularning ichida tadbirkorlik faoliyati alohida o‘rin tutadi. Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda tadbirkorlik qobiliyati iqtisodiy resurs hisoblanib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda shaxsiy omilining tarkibiy qismini tashkil etadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar davomida, ayniqsa, uning hozirgi bosqichida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, unga keng erkinlik berishga, uning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladigan har qanday g‘ov va cheklovlarni bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati, maqsadi va bozor iqtisodiyoti sharoitida amal qiladigan shakllarini batafsil bayon etish, tadbirkorlik kapitalining mazmunini va uning harakat shakllarini tahlil qilish, kapital harakatida vujudga keladigan jarayonlar va uning namoyon bo‘lishini, shuningdek, kapitalning aylanish tezligi va undan foydalanish samaradorligini oshirish masalalarini yoritish ushbu bobning asosiy vazifasi hisoblanadi.