Bozor mexanizmining amal qilishida talab va taklif kategoriyalari va ularning amal qilish qonunlari muhim o‘rin tutadi. Talab va taklif nisbatining o‘zgarishi narx shakllanishi hamda darajasiga sezilarli ta’sir qiladi. Bu bobda dastlab talab va taklif tushunchalari, talab va taklif ta’sirida muvozanatlashgan narxning o‘rnatilishi tushuntirib beriladi. Shu o‘rinda talab va taklif qonunlari, ularning miqdoriga ta’sir etuvchi omillar, ular o‘rtasidagi muvozanatlikni bayon etishga alohida e’tibor beriladi. Shuningdek, talabning shakllanishi va amal qilishi, unga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganishda iqtisodiyot nazariyasida muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan iste’molchi xatti-harakati nazariyasi bilan ham tanishib chiqamiz.