Kishilik jamiyatining rivojlanishida ijtimoiy xo‘jalikni tashkil etishning ikkita umumiy iqtisodiy shakli ajralib turadi. Umumiy iqtisodiy shakllarning tarixan birinchisi natural ishlab chiqarish hisoblanadi. Ijtimoiy xo‘jalikning bu shaklida yaratilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchining o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun, xo‘jalik ichki ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Demak, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish – natural ishlab chiqarish, bunday ishlab chiqarishga asoslangan xo‘jalik esa – natural xo‘jalik deb ataladi. Bunday xo‘jaliklarda iste’mol hajmi va tarkibi ko‘pincha ishlab chiqarish hajmi va tarkibiga mos kelgan, ularning bir-biri bilan bog‘lanishi bir xo‘jalik doirasida amalga oshganligi sababli juda oson kechgan.