O`yinlar juda qadim zamonlardayoq odamlar turmush tarzidan tarbiya, dam olish va o`yin-kulgi vositasi sifatida o`rin olgan. O`yinlarni tashkil etuvchi harakatlar kuchni, epchillikni, tezkorlikni, chidamlilikni axloqiy va irodaviy sifatlarni rivojlantirishga yordam beradi. Shu bilan birga o`yinlar yordamida yashash uchun muhim bo`lgan bilim va ko`nikmalar takomillashadi.
Jismoniy tarbiya uchun foydalaniladigan o`yinlar juda rang-barangdir. Ularni ikki katta guruhga bo`lish mumkin: harakatli va sport o`yinlari. Sport o`yinlari - harakatli o`yinlarning rivojlangan yuqori bosqichi. Ular harakatli o`yindan qatnashchilari tarkibining aniqligi, maydonining kattaligi va belgilari, o`yinning davom etishi, asbob-anjomlari va jihozlari, o`yin qoidalarining har xilligi bilan farqlanadi, bu har xil toifadagi musobaqalarni o`tkazishga imkon beradi. Sport o`yinlari bo`yicha o`tkaziladigan musobaqalar qatnashchilardan katta jismoniy kuch va irodani talab qiladi.