Biologik fanlar turkumiga kiruvchi «Odam va hayvonlar fiziologiyasi» fani muhim va o’z navbatida o’zlashtirilishi murakkab bo’lgan fanlardan biridir. Tirik organizmlar funktsiyalarini turli sharoitlarda o’rganish fiziologiya fanining asosiy maqsadi bo’lib, biolog mutaxassis bakalavrlar, magistrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalarda ilmiy dunyoqarash shakllanishida fiziologik jarayonlarni tushunish, organizmda ta’sirotni qabul qilinishi, qabul qilingan informatsiyani markaziy nerv sistemasida qayta ishlanishi, unga tegishli javoblarni shakllanishi kabilarni bilish juda muhimdir. Ayniqsa, talabalar fiziologiya fanini o’rganish bilan organizmning murakkab funktsiyalarini atroflicha tushunib oladilar va ular, biolog, fiziolog mutaxassis bo’lib etishishlarida biologik fikrlash qobiliyatlarini o’stirishda zarur bo’lgan bilimlarga ega bo’ladilar.
Shu bilan bir qatorda, talabalar bu fandan laboratoriya mashg’ulotlari o’tganlarida tajribalar o’tkazib nazariy olgan bilimlarini amalda mustahkamlaydilar. Odam va hayvonlar fiziologiyasidan laboratoriya mashg’ulotlari uchun tayyorlangan ushbu o’quv-uslubiy ko’rsatma Davlat ta’lim standartlari va amaldagi namunaviy dastur talablariga muvofiqlashtirib yozilgan. |
0
|
|