O’quv natyurmort qo’yilmasini tuzishda quyidagi qonun-qoidalarga rioya qilish kerak. Har bir o’quv natyurmortning mazmuni rangtasvir dasturida ko’rsatilganidek aniq maqsad va vazifaga ega bo’lishi kerak. Talabalar natura qo’yilmasini tasvirlash jarayonida aynan qanday nazariy bilim va amaliy ko’nikmalarni o’zlashtirishlarini tasavvur eta olishimiz kerak. O’quv vazifalaridan tashqari, natyurmort estetik talablarga ham javob berishi kerak: buyum va narsalar aynan mavzuga oid tanlanishi, mazmun jihatdan ma’noli va ta’sirchan bo’lishi va ma’lum g’oyani ilgari surishi kerak. O’quv natyurmorti ijodiy natyurmortdan vazifasi bilan farqlanadi: o’quv vazifa muvaffaqiyatli echim topishi uchun narsalar saralanadi, guruhlashtiriladi va shunday yoritiladiki, qo’yilma natijali yakunlanadi. O’quv natyurmortida bir oz bo’lsada, shartli olinishiga imkon yaratiladi.