Mafkuraviy jarayonlarning tizimli tahlili – taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida yuksak salohiyatli, bilimli insonni tarbiyalash, qonunchilikka rioya qiladigan, fuqarolik burchini ado etadigan, demokratik jamiyat talablariga amal qiladigan barkamol shaxsni shakllantirish vazifasi turibdi. Ayniqsa, yosh avlodni yuksak madaniyatli va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash milliy taraqqiyotning muhim talabi, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshiralayotgan islohotlarning bosh vazifasidir.
“Mafkuraviy jarayonlarning tizimli tahlili” – “Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” bakalavriat ta’lim yo’nalishida o’qitiladigan mutaxassislik fanlaridan biri bo’lib, ushbu fan ezgu g’oyalardan va sog’lom mafkuradan mahrum bo’lgan biron bir millat va jamiyat uzoqqa bora olmasligini o’rgatadi, har qanday xalq va davlat o’z taraqqiyotining g’oyaviy-mafkuraviy tamoyillarini belgilab olishi zarurligini uqtiradi, yoshlarning qalbi va ongiga Vatanga muhabbat, milliy g’oyaga sadoqat ruhini singdiradi. Bu esa, kelajagimizni yaqqol tasavvur etish, jamiyatimizning ijtimoiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yot g’oyalar tajovuziga qarshi tura olish, g’oyaviy bo’shliq bo’lishiga yo’l qo’ymaslik, va nihoyat, yurtimizning yuksak taraqqiyotini ta’minlash uchun milliy g’oyaning mazmun-mohiyatini chuqur o’rganish imkonini beradi.