Qo`lingizdagi darslik Respublikamiz universitet va pedagogika oliy o`quv yurtlarining birinchi kurs talabalariga mo`ljallangan. «Tilshunoslikka kirish» fani oliy o`quv yurtlarida o`rganiladigan birinchi nazariy kursdir. Tabiiyki, talabalar bu kursni o`zlashtirish jarayonida turli qiyinchiliklarga duch keladilar, chunki birinchidan, til – murakkab hodisa, uning sistemasini va tarkibini atroflicha tushunish, keyinchalik bu bilimni boshqalarga tushuntirish oson ish emas, ikkinchidan, tilshunoslik nazariy fan bolganligi sababli, k o`plab atamalar va tushunchalarni o`zlashtirishga to`g`ri keladi, uchinchidan, «tilshunoslikka kirish» faqat ona tilining tafsilotlarini emas, balki dunyodagi mavjud tillarning rang-barang xususiyatlarini, tillar orasidagi o`xshashlik va farqlarni hisobga oladi, bu esa talabalardan chuqur bilimni talab etadi, to`rtinchidan, bu fanga o`quv rejalarida ajratilgan soat bilan mazkur fan hajmi orasida katta nomutanosiblik bor; gap shundaki, o`quv jadvalidagi soatlar miqdori bu fanni har tomonlama faqat dars jarayonida o`rganish imkoniyatini bermaydi. Shuning uchun tilshunoslikning talaygina qismini talabalar mustaqil o`rganishlariga t o`g`ri keladi.
Shu munosabat bilan hozir Respublikamiz oliy ta`lim muassasalari oldida bir yo`la mustaqil ishlashga ham mo`ljallangan darslik va qo`llanmalar yaratish, talabalarning mustaqil ishini tashkil qilish, mustaqil ishning natijalarini nazorat qilish yo`llarini ishlab chiqish kabi birmuncha jiddiy vazifalar turibdi. Boshqa fanlar qatori tilshunoslik ham katta odimlar bilan rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda vatanimizda va xorijda nashr etilgan qator ishlar tahsinga sazovordir. Ularning ko`pchiligi kommunikativ tilshunoslik deb atalmish sohani o`rganishga bag`ishlangan. Shu munosabat bilan tilshunoslikka oid avval ishlab chiqilgan ba`zi ilmiy farazlar, nazariyalar hozirgi kunda qayta ko`rib chiqilmoqda. Darslikni tayyorlashda zamonaviy tilshunoslik fani erishayotgan yutuqlarni imkoni boricha hisobga olishga harakat qilindi, unga kiritilgan «ijtimoiy tilshunoslik» (sotsiolingvistika) «matn (tekst) tilshunosligi», «xalqaro til muammosi» kabi bo`limlar shular jumlasidandir. Darslikning tuzilishi uning oldiga qo`yilgan maqsad bilan belgilanadi. Har bir bo`limdan keyin masalani o`zlashtirilish darajasini aniqlash maqsadida savol va topshiriqlar berildi. Tilning amaliy tomoni bilan bog`liq bo`lgan bo`limlardan keyin esa savollar bilan bir qatorda mashqlar ham kiritildi. Talabaning amaliy hamda mavhum tafakkurini chegaralamaslik niyatida darslikning ko`pchilik boblarida u yoki bu masalada zamonaviy tilshunoslikda mavjud bir emas bir nechta fikrlar keltirildi. Anglashilishicha, bu uslub o`quvchining ko`rilayotgan masalaga ijodiy yondashishiga yordam beradi: u keltirilgan fikrlarning birini tanlaydi yoki ular asosida o`zi yangi bir xulosaga keladi. Har qanday rivojlanish, taraqqiyotning asosida ko`p fikrlilik yotadi. Bu fikrlarni qiyoslash, chog`ishtirib o`rganish yangi fikr paydo bo`lishining garovidir. |
0
|
|