Biror mashina yoki detallarni qurishdan avval, undan qanday maqsadda foydalanilishiga qarab kerak bo‘ladigan materiallar tanlanadi. Materiallar tanlashda mashina yoki inshootning qismlari qanday sharoitda ishlashini va ular qanday yuklarga, ya’ni qanday tashqi kuchlarga bardosh berishi kerakligini bilish lozim. Qo‘yilgan kuchlar ta’siridan mashina yoki detallarning qismlarida qanday zo‘riqishlar hosil bo‘lishi, bu zo‘riqishlarga qanday tur material bardosh berishi, bu qismlar ko‘ndalang kesimi o‘lchamlarining qanday tanlab olinishi haqidagi masala oldindan hal qilinishi kerak.
Ma’lumki, turli qurilish materiallari tashqi kuchlar ta’siriga turlicha qarshilik ko‘rsatadi. Shuning uchun mashina yoki inshoot qismlarining qo‘yilgan yuklar ta’siriga bardosh berib turishi ularning o‘lchamlariga bog‘liq bo‘lishi bilan birga, qanday turdagi materialdan yasalishiga ham bog‘liqdir.