O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda magistrlarda tilshunoslik sohasining “Matn tilshunosligi” bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha chuqur bilim berish ko‘zda tutilgan. Matn nazariyasining shakllanishida dunyo va o‘zbek tilshunosligidagi tadqiqotlar muhim ahamiyatga ega. Mazkur fanning ko‘tarib chiqayotgan masalalari zamonaviy jihatdan juda dolzarb bo‘lib, uning o‘qitilishi magistrlarning bilim saviyasi va iqtidorini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bugungi davrda, ya’ni jamiyatimizni demokratlashtirish jarayonida mana shu jarayonga xizmat qilishda va iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida isloh qilishda ko‘pchilikka manzur keladigan, o‘rinli, qisqa, aniq, tushunarli, adabiy til qonuniyatlariga muvofiq bo‘lgan matn namunalarini tuzishda ushbu fanning o‘qitish ko‘lami, ilmiy nazariy hamda amaliy ahamiyati kattadir.