Biofizika yosh fanlardan bo’lib, akademik G.M.Frank (1904-1976) so’zi bo’yicha u “barcha biologiya fanlarining nazariy poydevori” dir. Tabiiy fanlarning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, bilimlarning yangi sohalarining kelib chiqishi zamonamizning xarakterli xususiyatidir. Fizika va texnika fanlarining taraqqiyoti boshqa fanlar qatori biologiyaga ham katta ta’sir ko’rsatmoqda. Fizikaviy uslublar va tahlillarni barcha tabiiy fanlarda, shu jumladan biologiyada ham keng miqyosda qo’llanishi natijasida biologik tizimlarda kechadigan fizikaviy va fizik-kimyoviy jarayonlarni va fizik omillarning ularga ta’sirini o’rganuvchi biofizika fani rivojlandi va u hozirgi vaqtda fundamental biologik fanlarning biri bo’lib hisoblanadi.