Turkiston xalqlari chor Rossiyasi mustamlakachilik istibdodi va zulmiga qarshi o`z erki, ozodligi va mustaqilligi uchun doimo faol kurash olib borganlar. Bu kurash 1905-1907-yillardagi rus burjua-demokratik inqilobi ta`sirida va xususan 1914-yilda boshlanib ketgan jahon urushining xalqqa keltirgan ofatlari, zulm-sitamlari tufayli yanada avj oldi.
XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida jadidichilik harakati keng quloch yoyib rivojlandi. «Jadid» so`zi arabcha yangi usul degan ma`noni anglatadi. Jadidchilik harakati Turkistonda XIX asrning oxirida quruq madaniy-ma`rifiy harakatning, ya`ni eski maktablarning qiyin o`qitish tizimiga nisbatan yengil tovuch usuliga asoslangan yangi uslub (metod) asosida o`qitishga o`tishdangina iborat emasdi, ayni chog`da turk-islom huquqiy munosabatlarining millatga o`rgatilishi, milliy-ma`rifiy. taraqqiyot va milliy istiqlol muammolarini ham o`z ichiga olgan edi. Bu harakatning vujudga kelishida O`rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida keng quloch yoyib rivojlangan turli oqimlar va Turkiyadagi «Ittihodiy va taraqqiy», «Yosh turklar» harakatining ta`siri katta bo`ldi.