Omixta em sanoatining o’ziga xos xususiyati xilma-xil komponentlaridan, turli xil retseptlardan foydalanib, jonivorlarning turi va yoshini hisobga olgan holda tayyor omixta em mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Omixta em-bu jonivorlarni to’liq oziqlanishini ta’minlaydigan, ilmiy asoslangan retseptlar bo’yicha chiqarilgan bir xil tarkibli murakkab aralashmadir. Qishloq xo’jaligida chorvachilik, yilqichilik, qoramolchilik, parrandachilik, quyon boqish, mo’ynachilik va baliqchilik sohalarini rivojlantirishda omixta em sanoatining o’rni va ahamiyati beqiyosdir. Omixta em mahsuloti jonivorlar uchun nihoyatda zarur bo’lgan uglevodlar, oqsillar, moylar, vitaminlar, mineral moddalar bilan ta’minlaydi hamda etishtirilayotgan go’sht-sut, tuxum va boshqa turdagi muhim oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga bevosita ta’sir etadi.