“Adabiyotshunoslik metodologiyasi” deb nomlangan fan magistratura yo‘nalishiga yangi kiritilgan. Bu metodlar jamlamasi bo‘lib, u aslida o‘tgan asrning 20-yillarida dunyoga kelgan. Uning mazmun-mohiyati shundan iboratki, struktural metodda ish olib borgan mutaxassis o‘zi o‘rganayotgan obektni ipidan-ignasigacha sinchiklab tekshirishi, choklarini to‘g‘ri tikishi, bir-biriga biriktirishi va yaxlit buyumni vujudga keltirishi lozim. Struktural metod xuddi momo-xolalarimizning turli parchalardan tikkan quroq dasturxoniga o‘xshaydi. Bu quroqlar har xil rang va hajmda bo‘lishiga qaramay, shunday ustalik bilan joylashtiriladiki, u buyuk san’at asariga aylanadi. Struktur tadqiqotchi ana shu parchalarning matodagi o‘rni, vazifasi nimadan iborat ekanligini tushuntirib berishi kerak.