XIX asr o’rtalarida yuzaga kelgan va hozirgi kungacha biologiya fanlari tizimi uchun nazariy asos bo’lib xizmat qilayotgan «Evolyutsion ta’limot» kursi o’zida barcha biologiya fanlari to’plagan yutuqlarni mujassamlashtirgan hajmi nihoyatda keng, mazmuni jihatdan murakkab fan hisoblanadi. «Evolyutsion ta’limot» o’z taraqqiyotida yanada rivojlantirib va boyitib borildi. O’tgan asr boshida genetika fani yutuqlari klassik darvinizm qarashlarini qaytadan tanqidiy ko’rib chiqishni talab qildi. «Evolyutsion ta’limot» yangi sintetik evolyutsiya nazariyasi sifatda maydonga chiqdi. XX asrning 70-80 yillari molekulyar biologiya fanida qo’lga kiritilgan natijalar sintetik evolyutsiya nazariyasini yanada kengaytirib, evolyutsiyaning molekulyar asoslari o’rganish davrini boshlab berdi. Biologiyada tarixiy evolyutsion jarayonda genetik axborotlar qanday qilib to’planadi? – degan savollarga javob topish uchun qadam tashlanadi. Benihoya murakkab va keng qamrovli bo’lgan «Evolyutsion ta’limot» kursi bo’yicha ma’ruzalar to’plamini qayta nashrga tayyorlashda keyingi yillarda chet ellarda shu soxaga oid e’lon qilingan adabiyotlar va ilmiy maqolalardan keng foydalanildi. Ma’ruzalar to’plami zamonaviy pedagogik texnologiya asoslangan holda tayyorlanib, har bir mavzu bo’yicha qator muammoli savollar qo’yilib, unga javob topishga harakat qilindi. Mavzu ohirida mustaqil ish topshiriqlari berildi.