Fiziologiya so’zi yunoncha physis - tabiat va logos - ta’limot so’zlaridan tashkil topgan. Fiziologiya fani tirik organizmlarni, ularning alohida tizimlari, a’zolari, to’qimalari va hujayralari faoliyatining qonuniyatlarini urganadi. Ushbu, alohida funksiyalarni o’rganish, organizm atrof-muhit bilan o’zaro ta’siri qonuniyatlari, mexanizmlari, sabablarini to’laligicha tushunishga, uni evolyutsiya hamda individual rivojlanish davridagi turli sharoitlarda yashashi, kelib chiqishi va shakllanishi paytidagi xulq - atvorini o’rganishga qaratilgan.
Uzoq vaqtlar davomida (XVI asrdan boshlab), fiziologiyaga jonivor va o’simliklarni o’rganuvchi fan sifatida qaralgan. Keyinchalik esa, undan anatomiya, zoologiya, botanika va boshqa fanlar ajralib chiqqan. Ayni paytda, fiziologiyaga anatomiya fanining bir qismi sifatida qaralgan. XIX asrga kelib, organizm faoliyati bilan shug’ullanadigan fiziologiya, mustaqil fan sifatida ajralib chiqqan. Albatta, fiziologik mexanizmlarni tushunib etish to’g’ridan-to’g’ri anatomiya, gistologiya, tsitologiya, bionika va biologik fanlarni boshqa yo’nalishlarining ma’lumotlariga asoslanadi hamda ularni yagona bilimlar tizimiga birlashtiradi. Shu bilan birga fiziologiyada fizika, kimyo, kibernetika, matematik apparat usullari ham keng foydalaniladi. Fiziologik bilimlar majmuasi uchta alohida, lekin bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan umumiy, xususiy va amaliy fiziologiya kabi yo’nalishlarga bo’linadi. Umumiy fiziologiyaga quyidagi ma’lumotlar: asosiy hiyotiy jarayonlarni kelib chiqish tabiati; hayot faoliyatlarini umumiy ko’rinishlari, ya’ni masalan, a’zolar va to’qimalar metabolizmi; biologik membranalar va alohida hujayralar xususiyatlari; organizm va uning tarkibiy qismlarini muhit ta’siriga (ta’sirchanlik, quzg’aluvchanlik, qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlari) javob reaktsiyasining umumiy qonuniyatlari kiradi. Xususiy fiziologiya alohida to’qimalarning (mushak, asab va boshqalar), a’zolarning (jigar, buyrak, yurak va boshqalar) xususiyatlarini, ularning tizim (ovqat hazm qilish, qon aylanish, nafas tizimi) hamda alohida sinflari, guruhlari va turlarining (masalan, hasharotlar, qushlar, xo’jalikda foydali hayvonlardan - sigir, quyon va boshqalar) fiziologiyasini o’rganadi. Amaliy fiziologiya organizmni, ayniqsa inson organizmini, maxsus vazifalar va sharoitlar bilan bog’liq faoliyatini namoyon bo’lish qonuniyatlarini o’rganadi. Bularga mehnat, sport, ovqatlanish, suv osti va kosmos, qishloq xo’jalik hayvonlari fiziologiyasi kiradi. Bundan tashqari fiziologiya shartli ravishda normal va patologik fiziologiyalarga bo’linadi. Normal fiziologiya, deyarli barcha tibbiy va veterinariya fanlarining nazariy asosi hisoblanadi. U, sog’lom organizm hayoti qonuniyatlarini, faoliyatlarni turli omillar ta’siriga moslashish mexanizmlarini, hamda organizmning turg’unligini o’rganadi. Organizmdagi normal fiziologik jarayonlarni va faoliyat yo’nalishlarini bilmasdan turib, patologik holatlarning oldini olish va davolashning iloji yo’q. Patologik fiziologiya kasal organizm faoliyatining o’zgarishlarini, organizmdagi patologik jarayonlarni paydo bo’lishi, rivojlanishi va o’sishining umumiy qonuniyatlarini, kasallik paytidagi faoliyatni adaptatsiyasi va kompensatsiyasi jarayonlarini hamda sog’ayish va reabilitatsiya mexanizmlarini o’rganadi. Fiziologiya fani - eksperimental fan bo’lib, unda mexanizm va qonuniyatlarni o’rganishning asosiy usuli - eksperimentdir. Eksperiment, organizmda qanday hodisalar ro’y berayotganligiga, u yoki bu fiziologik jarayon qanday va nima sababdan sodir bo’layotganligiga, u qanday paydo bo’ladi, qaysi mexanizmlar tomonidan boshqariladi va qo’llab-quvvatlaniladi kabi savollarga javob topish imkoniyatini yaratadi. Quyilgan maqsadta qarab, eksperiment utkazishning ham o’ziga mos uslubiy yo’nalishlari farqlanadi. |
0
|
|