O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurishni o‘zining asosiy maqsadi qilib belgilab oldi. Bu ishda turizm sohasi ham yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Turizm nafaqat o‘tmishni o‘rganish, o‘zga xalqlar va elatlar bilan tanishish, ularning madaniy yodgorliklaridan baxramand bo‘lish, shuningdek, u katta biznes hamdir. Mazkur faoliyatni yo‘lga qo‘yish esa mutaxassislarga bog‘liq. Buning uchun malakali kadrlarni tayyorlash hozirgi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro turizm fakulteti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, qolaversa, qator Turizm kasb-xunar kollejlari bu ishga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Bu o‘quv maskanlarida qator fanlar, jumladan, mutaxassislik fanlari o‘qitilib, ularda kasb ilmiga taa’luqli muammolar o‘z yechimini topmoqda. Shunday fanlar qatorida «Turizm asoslari» fani ham o‘z o‘rniga ega. U yangi o‘quv kurslaridan biri bo‘lib, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro turizm fakultetida 2002-2003 o‘quv yilidan boshlab ta’lim berib kelinmoqda.