SO‘Z BOSHI
Fizikaning asosiy qonun va hodisalarini bilmay turib, amaliy va maxsus kurslarni o‘rganishga kirishib bo‘lmaydi. Umumiy fizikaning bir bo‘limi sifatida «Moleklyar fizika» fanini o‘qitishdan asosiy maqsad, bo‘lajak mutaxassislar-injener va fizik-texnolog kadrlarda kuzatishlar, amaliy tekshirish va tajribalarni umumlashtirish asosida fizikaviy nazariya to‘g‘risida dastlabki tushunchalar hosil qilish, ularda o‘zlarining tanlagan tor mutaxassislik sohalari bo‘yicha muvoffiqqiyatli bilim olishlarini ta’minlash uchun poydevor yaratishdan iboratdir. Molekulyar fizika fani turli agregat xolatdagi makroskopik tizimlar tarkibiga kiruvchi ulkan sondagi zarrachalarning (molekulalar, atomlarning) o‘zaro ta’siri va kollektiv harakati bilan bog‘liq bo‘lgan xodisalarni o‘rganadi. Moddalar tuzilishini o‘rganishga birinchi qadam qo‘yiladi. Molekulyar fizika erishgan yutuqlar fan va texnikaning turli sohalarida, masalan, atmosferada yuz beradigan hodisalarni tushuntirishda va o‘rganishda, gazlarda yuz beradigan razryad bilan bog‘liq jarayonlarni yoritishda, vakuum va kriogen texnikasi bilan bog‘liq sohalarda, biologiyada tirik organizmlardagi osmos va kapillyarlik bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni o‘rganishda, turli parametrga ega bo‘lgan aralashmalar va qotishmalar olishda, termodinamikada, kimyoda (gaz qonunlari), statistik xarakterga ega bo‘lgan jarayonlarni tahlil qilishda va boshqa ko‘pgina sohalarda ishlatilishi mumkin.