O`zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat ahamiyatiga molik vazifa etib belgilandi. O`zbekiston sporti milliy madaniyatimizning uzviy qismi hisoblanib, u keng xalq ommasini yuksak axloqiy ruhda tarbiyalashda va salomatligini mustahkamlashda muhim vositalardan biri bo`lib qoldi.
Xalqaro maydonda tarixan qisqa davr ichida obro` orttirishga ulgurgan mustaqil O`zbekiston dunyoga nafaqat qadimiy madaniyat, buyuk mutafakkirlar, olimlar, shoir va sarkardalar tuhfa etgan yurt, balki xalqaro sport olamida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan davlat sifatida ham tanildi. Hozir bemalol aytishimiz mumkinki, O`zbekiston sport sohasida yirik davlatga aylanib, boshqa mamlakatlarga ko`plab yillar kerak bo`lgan yo`lni tarixan qisqa muddat ichida bosib o`tdi.